Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning birinchi vitse-prezidenti Greg Guyett Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ishga tushirilgan MaxCopper kompaniyasining yangi ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi. Ochilish marosimida YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi ham ishtirok etdi.
Tashrif davomida Greg Guyett MaxCopper kabi zamonaviy va eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus sanoat rivojlanishiga xizmat qiladi hamda O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshiradi.
YTTB korxonaga 10 million yevrogacha miqdorda kredit ajratdi. Mablag‘lar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, shuningdek, xomashyo, jumladan mis katodlarini xarid qilish uchun yo‘naltiriladi.
MaxCopper kompaniyasi isitish, ventilyatsiya va konditsioner tizimlari uchun mis quvurlar hamda fittinglar ishlab chiqaradi. Mahsulotlar qatoriga yengil o‘ramlar, to‘g‘ri quvurlar va “pancake coil” turidagi mahsulotlar kiradi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy qismi Yevropa mamlakatlari va qo‘shni davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha O‘zbekiston sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro sifat standartlariga rioya etishni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.